6-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasidagi vakolatlari
“Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-348-son) · Sana: 10.04.2013 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha davlat dasturlarini tasdiqlaydi va ularning amalga oshirilishi ustidan nazorat olib boradi;
Yoʻl harakati qoidalarini hamda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash va yoʻl harakatini tashkil etish masalalariga doir boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlaydi;
vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, shuningdek ekologik xavfsizlik talablariga rioya etish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
transport vositalari va yoʻllarning texnik holatiga, yoʻllarda va temir yoʻllarni kesib oʻtish joylarida yoʻl harakati xavfsizligiga doir yagona talablarni belgilaydi;
transport vositalarining haydovchilarini (bundan buyon matnda haydovchilar deb yuritiladi) tayyorlashga, shuningdek aholiga yoʻllarda yurish-turish xavfsizligi qoidalarini oʻrgatishga doir umumiy talablarni belgilaydi;
haydovchilarni, transport vositalarini, yoʻl harakati qoidalarining buzilishini, yoʻl-transport hodisalarini va boshqa koʻrsatkichlarni hisobga olishning yagona tizimini tasdiqlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
