27-modda. Transport vositalarini boshqarish huquqi
“Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-348-son) · Sana: 10.04.2013 · Amalda
Quyidagilarni:
mototsikllar, motorollerlarni va boshqa mototransport vositalarini boshqarish huquqi — oʻn olti yoshga toʻlgan shaxslarga beriladi;
ruxsat etilgan eng koʻp ogʻirligi 3500 kilogrammdan hamda oʻrindiqlar soni haydovchining oʻrindigʻidan tashqari sakkiztadan oshmaydigan avtomobillarni boshqarish huquqi, taksi bundan mustasno — oʻn sakkiz yoshga toʻlgan shaxslarga beriladi;
ruxsat etilgan eng koʻp ogʻirligi 3500 kilogrammdan oshadigan yuk avtomobillarini boshqarish huquqi — oʻn sakkiz yoshga toʻlgan shaxslarga beriladi;
taksi tariqasida foydalaniladigan avtomobillarni, shuningdek yoʻlovchilar tashish uchun moʻljallangan va haydovchining oʻrindigʻidan tashqari sakkiztadan ortiq oʻrindigʻi boʻlgan avtomobillarni, tramvaylar va trolleybuslarni boshqarish huquqi — yigirma bir yoshga toʻlgan shaxslarga beriladi;
transport vositalari sostavlarini boshqarish huquqi — ushbu qismning uchinchi, toʻrtinchi va beshinchi xatboshilarida koʻrsatilgan transport vositalarini boshqarish huquqiga ega boʻlgan shaxslarga transport vositalarini boshqarish staji oʻn ikki oydan kam boʻlmagan taqdirda beriladi.
Transport vositalarini boshqarish huquqi tibbiy tekshiruvdan oʻtgan va malaka imtihonlarini topshirgan shaxslarga beriladigan, belgilangan namunadagi guvohnoma bilan tasdiqlanadi.
Malaka imtihonlarini topshirish va transport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi guvohnomani berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida belgilangan talablarga mos keladigan milliy va xalqaro haydovchilik guvohnomalari amal qiladi.
