26-modda. Yoʻl harakati qatnashchilarining huquq va majburiyatlari
“Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-348-son) · Sana: 10.04.2013 · Amalda
Yoʻl harakati qatnashchilarining yoʻllarda harakatlanishning xavfsiz sharoitlariga boʻlgan huquqlari davlat tomonidan kafolatlanadi.
Yoʻl harakati qatnashchilarining oʻz huquqlarini amalga oshirishi yoʻl harakati boshqa qatnashchilarining huquqlarini cheklamasligi yoki buzmasligi kerak.
Yoʻl harakati qatnashchilari quyidagi huquqlarga ega:
Yoʻl harakati qoidalariga muvofiq yoʻllarda erkin va moneliksiz harakatlanish;
qonunchilikda nazarda tutilgan oʻz huquqlarining cheklanishi yoki buzilishi sabablari toʻgʻrisida yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasidagi maxsus vakolatli davlat organlarining mansabdor shaxslaridan tushuntirishlar olish;
harakatlanishning xavfsiz sharoitlari toʻgʻrisida, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash bilan bogʻliq mahsulotlar va xizmatlarning sifati haqida toʻliq hamda ishonchli axborot olish;
yoʻl-transport hodisalari sodir boʻlganda qonunchilikka muvofiq zimmasiga bepul tibbiy yordam koʻrsatish, qutqaruv ishlari olib borish va boshqa shoshilinch yordam koʻrsatish majburiyati yuklatilgan tashkilotlar va mansabdor shaxslardan shunday yordamlar olish;
yoʻl-transport hodisasi oqibatida ular tan jarohati olgan, transport vositasi va yuk shikastlangan hollarda qonunchilikda belgilangan tartibda zararning oʻrni qoplanishi, shuningdek maʼnaviy ziyon uchun kompensatsiya olish;
maxsus vakolatli davlat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasidagi qonunga xilof qarorlari, shuningdek ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilish;
yoʻl belgilarini, chiziqlarini, svetoforlarni oʻzgartirish va oʻrnatish yuzasidan, yoʻl qoplamasining holati haqidagi takliflar hamda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash masalalariga doir boshqa takliflar bilan tegishli organlarga murojaat etish.
Yoʻl harakati qatnashchilari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Yoʻl harakati qatnashchilarining majburiyatlari quyidagilardan iborat:
ushbu Qonun, Yoʻl harakati qoidalari talablariga va yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisidagi boshqa qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etish;
