10-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasidagi vakolatlari
“Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-348-son) · Sana: 10.04.2013 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati:
yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
yoʻl harakati xavfsizligi sohasidagi normativ hujjatlarni ishlab chiqadi;
yoʻl harakati qatnashchilarining ushbu Qonunga, Yoʻl harakati qoidalariga hamda boshqa qonunchilik hujjatlarining yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashga oid qismiga rioya etishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
ogʻir vaznli, yirik gabaritli, xavfli va maxsus yuklarni tashuvchi transport vositalarining qatnov yoʻnalishlarini belgilashda ishtirok etadi;
avtomobil yoʻllarini, yoʻl inshootlarini, temir yoʻl kesishmalarini, avtomobil yoʻllari va koʻchalari boʻyida joylashgan AYoQS, AGTKS hamda AGQS (avtomobillarga benzin quyish, gaz toʻldirish va gaz quyish) stansiyalarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash loyihalariga rozilik beradi;
foydalanishdagi transport vositalarining texnik holati ustidan nazoratni amalga oshiradi, transport vositalarining majburiy texnik koʻrigini oʻtkazadi;
yoʻllarning va temir yoʻllarni kesib oʻtish joylarining saqlanishi, ularning yoʻl harakatini tartibga solish vositalari bilan jihozlanishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
yoʻl harakati xavfsizligi sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiq boʻlmagan yoʻllardan va temir yoʻllarni kesib oʻtish joylaridan foydalanishni taqiqlaydi;
transport vositalarining, yoʻl harakati qoidalari buzilishining hamda yoʻl-transport hodisalarining hisobini va roʻyxatini yuritadi;
transport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi guvohnomalar beradi;
qonunchilikka muvofiq oʻzining vakolat doirasiga kiritilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
