6-modda. Soʻrovning shakllari va uni qarab chiqish muddatlari
Axborot olish kafolatlari va erkinligi toʻgʻrisida (400-I-son) · Sana: 24.04.1997 · Amalda
Axborot olishga doir soʻrov ogʻzaki, yozma shaklda, shu jumladan axborot tizimi orqali elektron shaklda ifodalanishi mumkin.
Yozma soʻrovda murojaat etuvchining ismi, otasining ismi, familiyasi, manzili, soʻralayotgan axborotning nomi yoki xususiyati koʻrsatiladi.
Yozma soʻrovda murojaat etuvchining elektron manzili koʻrsatilishi mumkin. Yozma soʻrovda elektron manzilning koʻrsatilganligi murojaat etuvchining soʻrovga axborot tizimi orqali elektron shaklda javob olishga boʻlgan roziligidir.
Yozma soʻrovlar, shu jumladan elektron hujjat tarzida yuboriladigan soʻrovlar roʻyxatdan oʻtkazilishi shart.
Soʻrovga iloji boricha qisqa muddatda, agar qonunchilikda boshqa hol nazarda tutilgan boʻlmasa, soʻrov olingan sanadan boshlab oʻn besh kundan kechiktirmay javob qaytarilishi kerak.
Ogʻzaki soʻrovga, imkoniyatga qarab, darhol javob berilishi shart.
Agar soʻrov tushgan organ yoki mansabdor shaxs soʻralayotgan axborotga ega boʻlmasa, murojaat etuvchiga bu haqda soʻrov olingan sanadan boshlab yetti kundan kechiktirmay maʼlum qilishi, shuningdek, imkoniyatga qarab, unga bunday axborotga ega boʻlgan organning yoki mansabdor shaxsning nomini maʼlum qilishi shart.
