21-modda. Tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarorlarning prokuror tomonidan koʻrib chiqilishi tartibi
Tezkor-qidiruv faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-344-son) · Sana: 25.12.2012 · Amalda
Turar joy daxlsizligi, yozishmalar, telefon orqali soʻzlashuvlar va boshqa soʻzlashuvlar, aloqa tarmoqlari orqali uzatiladigan pochta, kuryerlik joʻnatmalari va telegraf xabarlari sir saqlanishi huquqlarini cheklovchi, shuningdek abonentlar yoki abonent qurilmalari oʻrtasidagi bogʻlanishlar toʻgʻrisida axborot hamda bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni olishga qaratilgan tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish toʻgʻrisidagi materiallarni koʻrib chiqish tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi va bunday tadbirlarni oʻtkazish haqida iltimosnoma bilan murojaat qilgan organ joylashgan yerdagi prokuror tomonidan amalga oshiriladi. Alohida hollarda, bunday tadbirlarni oʻtkazish haqidagi materiallarning tadbirlar oʻtkazilayotgan joydagi prokuror tomonidan koʻrib chiqilishiga yoʻl qoʻyiladi.
Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organ rahbari tomonidan tasdiqlangan qaror ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish zarurligi asoslantirilgan holda prokurorga taqdim etiladi. Prokuror tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish uchun asos boʻlib xizmat qilgan boshqa materiallarni ham talab qilishga haqli.
Prokuror taqdim etilgan materiallarni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha tegishli tezkor-qidiruv tadbirini oʻtkazishga sanksiya beradi yoxud uni oʻtkazishni asoslantirilgan holda rad etib, qarorda bu haqda koʻrsatib oʻtadi. Prokuror tezkor-qidiruv tadbiri oʻtkazilishiga sanksiya berishni rad etgan taqdirda, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organ yuqori turuvchi prokurorga bunday qaror ustidan shikoyat qilishga haqli.
