20-modda. Tezkor-qidiruv faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni muhofaza qilish
Tezkor-qidiruv faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-344-son) · Sana: 25.12.2012 · Amalda
Tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazishda foydalanilayotgan yoki foydalanilgan kuchlar, vositalar, manbalar, usullar, tezkor-qidiruv faoliyati rejalari va natijalari, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarning shtatdagi oshkor qilinmaydigan xodimlari hamda mazkur organlarga maxfiylik asosida koʻmaklashayotgan shaxslar toʻgʻrisidagi, shuningdek tezkor-qidiruv tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish taktikasi haqidagi maʼlumotlar davlat sirini tashkil etadi hamda qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda va tartibda, faqat tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organ rahbari tomonidan tasdiqlangan qaror asosida oshkor etilishi lozim.
Tezkor-qidiruv tadbirlari tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi ikki va undan ortiq organ tomonidan shuningdek maxsus vakolatli davlat organining kuch va vositalari bilan oʻtkazilgan taqdirda, ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan maʼlumotlar qonunchilikda belgilangan hollarda va tartibda, faqat mazkur organlar rahbarlarining tasdiqlagan qarori asosida oshkor etiladi.
