17-modda. Tezkor-qidiruv faoliyatidagi cheklovlar
Tezkor-qidiruv faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-344-son) · Sana: 25.12.2012 · Amalda
Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarning:
fuqarolar hayotini, sogʻligʻini, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulki hamda qonuniy manfaatlarini xavf ostiga qoʻyadigan, shuningdek inson shaʼni va qadr-qimmatini kamsitadigan harakatlar (harakatsizlik) sodir etishi;
fuqarolarni huquqbuzarliklar sodir etishga ogʻdirishi va undashi;
zoʻravonlik, tahdid, qoʻrqitish hamda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini cheklovchi boshqa gʻayriqonuniy usullardan foydalanishi;
ushbu Qonunning 14-moddasida nazarda tutilmagan tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazishi;
Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan belgilangan daxlsizlikka, immunitetga ega boʻlgan shaxslarga nisbatan tezkor-qidiruv tadbirlarini ushbu Qonunning 151-moddasida belgilangan tartibga amal qilmagan holda oʻtkazishi;
tezkor-qidiruv materiallarini soxtalashtirishi, shuningdek bila turib notoʻgʻri maʼlumotlardan foydalanishi;
biron-bir yuridik shaxsning, shu jumladan siyosiy partiyaning, diniy tashkilotning yoki boshqa nodavlat notijorat tashkilotining, shuningdek jismoniy shaxslarning manfaatlarini koʻzlab tezkor-qidiruv tadbirlari oʻtkazishi taqiqlanadi.
Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarning deputatlar, senatorlar, sudyalar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining xodimlari, prokurorlar, advokatlarni maxfiylik asosida hamkorlikka jalb qilishi taqiqlanadi.
