16-modda. Tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish shartlari
Tezkor-qidiruv faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-344-son) · Sana: 25.12.2012 · Amalda
Turar joy daxlsizligiga, yozishmalar, telefon orqali soʻzlashuvlar va boshqa soʻzlashuvlar, aloqa tarmoqlari orqali uzatiladigan pochta, kuryerlik joʻnatmalari va telegraf xabarlarining sir saqlanishiga boʻlgan huquqlarni cheklovchi, shuningdek abonentlar yoki abonent qurilmalari oʻrtasidagi bogʻlanishlar toʻgʻrisidagi axborotni olishga qaratilgan tezkor-qidiruv tadbirlarining oʻtkazilishiga prokuror sanksiyasi asosida yoʻl qoʻyiladi. Bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni olishga qaratilgan tezkor-qidiruv tadbirlarining oʻtkazilishiga prokuror sanksiyasi asosida yoʻl qoʻyiladi, bundan qonunchilikda belgilangan hollar mustasno.
Kechiktirib boʻlmaydigan hollarda, ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazishga tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organ rahbari tomonidan tasdiqlangan asoslantirilgan qaror asosida yoʻl qoʻyiladi, prokuror bu haqda yigirma toʻrt soat ichida albatta xabardor qilinadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan, uzoq davom etadigan tezkor-qidiruv tadbiri oʻtkazilgan taqdirda, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organ bunday tadbirni oʻtkazish haqida tadbir boshlangan paytdan eʼtiboran yigirma toʻrt soat ichida prokurorning sanksiyasini olishi yoxud tadbir oʻtkazishni tugatishi shart.
Fuqarolarning hayotiga, sogʻligʻiga, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga, xuddi shuningdek ularning qarindoshlari va yaqinlariga nisbatan tahdid yuzaga kelgan taqdirda, ularning telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarini eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olishga mazkur shaxslarning arizasiga yoki yozma roziligiga koʻra, qonunchilikka muvofiq tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organ rahbari tasdiqlagan qaror asosida ruxsat etiladi, prokuror bu haqda yigirma toʻrt soat ichida albatta xabardor qilinadi.
Tekshirish uchun xarid qilish, nazorat ostida olish, tezkor kuzatuv, tezkor kiritish, Oʻzbekiston Respublikasining ichkarisida amalga oshiriladigan nazorat ostida yetkazib berish, niqoblangan operatsiyalar, tezkor eksperiment tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organ rahbari tomonidan tasdiqlangan qaror asosida oʻtkaziladi. Tekshirish uchun xarid qilish, nazorat ostida olish va nazorat ostida yetkazib berish prokuror bilan albatta kelishilgan holda amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali predmetlarni olib oʻtishga (olib kirish, olib chiqish, tranzit) yoʻl qoʻyiladigan nazorat ostida yetkazib berish bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etilgan holda va Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari asosida amalga oshiriladi.
