13-modda. Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarning majburiyatlari
Tezkor-qidiruv faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-344-son) · Sana: 25.12.2012 · Amalda
Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar:
oʻz vakolatlari doirasida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkini himoya qilish, shuningdek shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligini taʼminlash yuzasidan barcha zarur choralarni koʻrishi;
jinoyatlarning oldini olish, ularni aniqlash, ularga barham berish va ularni fosh etish, shuningdek jinoyatlarni tayyorlash va sodir etishga daxldor boʻlgan shaxslarni aniqlash hamda topish choralarini koʻrishi;
surishtiruv, tergov organlaridan va suddan yashirinib yurgan, jinoiy jazodan boʻyin tovlayotgan shaxslarni, bedarak yoʻqolgan shaxslar va qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda boshqa shaxslarni qidirishga, shuningdek tanib olinmagan murdalarning shaxsini aniqlashga doir ishlarni tashkil etishi;
tezkor-qidiruv tadbirlari oʻtkazish toʻgʻrisidagi surishtiruv, tergov organlarining yozma topshiriqlarini, prokurorning koʻrsatmalari va topshiriqlarini bajarish boʻyicha barcha zarur choralarni koʻrishi;
tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirishda konspiratsiya prinsipiga rioya etishi;
fuqarolarning shaxsiy hayotiga tegishli, shaʼni va qadr-qimmatiga daxldor maʼlumotlarni ularning roziligisiz oshkor etmasligi;
tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazishda fuqarolarning hayoti va sogʻligʻi, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulki xavfsizligini taʼminlashi;
tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazishda atrof-muhit xavfsizligini taʼminlashi;
oʻz xodimlarining hamda tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga koʻmaklashayotgan shaxslarning, shuningdek ular oila aʼzolarining xavfsizligini, ularning mol-mulkini jinoiy tajovuzlardan himoya qilishni taʼminlashi;
mazkur organlar vakolatiga taalluqli, oʻzlariga maʼlum boʻlib qolgan jinoiy faoliyat faktlari toʻgʻrisida bir-birini xabardor qilishi hamda zimmalariga yuklatilgan vazifalarni bajarishda bir-biriga zarur yordam koʻrsatishi;
oʻz zimmalariga yuklatilgan vazifalarni bajarishda tezkor-qidiruv faoliyatining mavjud kuch va vositalarini samarali qoʻllashi shart.
Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
