28-modda. Normativ-huquqiy hujjatlarni eʼlon qilishga doir talablar
“Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-342-son) · Sana: 24.12.2012 · Amalda
Normativ-huquqiy hujjatlar rasmiy nashrlarda eʼlon qilinishi kerak. Rasmiy eʼlon qilinmagan qonun asosida hech kim hukm qilinishi, jazoga tortilishi, mol-mulkidan yoki biron-bir huquqidan mahrum qilinishi mumkin emas.
Normativ-huquqiy hujjat bayon tarzida rasmiy eʼlon qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Normativ-huquqiy hujjat rasmiy eʼlon qilinganda uning barcha rekvizitlari koʻrsatiladi.
Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari normativ-huquqiy hujjatlari matnlarining elektron shakllari ularni qabul qilgan organlarning rasmiy veb-saytlariga normativ-huquqiy hujjat rasmiy eʼlon qilinganidan keyin bir kun ichida joylashtirilishi shart. Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari normativ-huquqiy hujjatlari matnlarining elektron shakllarini eʼlon qilish tartibi qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
Normativ-huquqiy hujjatlarni norasmiy nashrlarda eʼlon qilishga, shuningdek ularni qonun hujjatlarining elektron maʼlumot tizimlari orqali tarqatishga normativ-huquqiy hujjat rasmiy manbalarda eʼlon qilinganidan soʻng, ularning barcha rekvizitlarini, ular eʼlon qilingan rasmiy nashrlarni va ularning kuchga kirish sanasini koʻrsatish sharti bilan yoʻl qoʻyiladi. Bunda rasmiy nashrlarda eʼlon qilingan normativ-huquqiy hujjat matnining aniq takrorlanishi taʼminlanishi lozim.
Normativ-huquqiy hujjatlarning eʼlon qilinishi ular qoʻllanilishining majburiy shartidir.
