19-modda. Normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlashni tashkil etish
“Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-342-son) · Sana: 24.12.2012 · Amalda
Normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash uchun loyihani ishlab chiqayotgan tashkilot (bundan buyon matnda ishlab chiquvchi deb yuritiladi) tomonidan ishchi guruh (komissiya) tuzilishi mumkin.
Ishchi guruh (komissiya) tarkibiga ishlab chiquvchining tegishli boʻlinmalarining, tegishli tarmoqlar holati va rivojlanishi uchun masʼul boʻlgan vazirliklarning, davlat qoʻmitalarining yoki idoralarning, boshqa manfaatdor davlat organlarining, ilmiy va boshqa tashkilotlarning vakillari, shuningdek fuqarolar kiritilishi mumkin. Bunda nodavlat tashkilotlar vakillari, shuningdek fuqarolar oʻz roziligi bilan ishchi guruh (komissiya) tarkibiga kiritiladi.
Ishchi guruh (komissiya) aʼzolari normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash uchun zarur boʻlgan tegishli bilim va tajribaga ega boʻlishi kerak.
Ishlab chiquvchi ishchi guruhning (komissiyaning) faoliyatini taʼminlash uchun davlat organlaridan va oʻzga tashkilotlardan normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash uchun zarur boʻlgan materiallarni, statistika maʼlumotlarini va boshqa maʼlumotlarni olishga, loyiha yuzasidan ilmiy va boshqa tashkilotlarning, olimlar va mutaxassislarning maslahatlari hamda tavsiyalarini, shuningdek ekspertlar xulosalarini olishga haqlidir.
Normativ-huquqiy hujjatni qabul qiluvchi organ, zarur hollarda, normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlashni davlat organlariga, ilmiy va boshqa tashkilotlarga, ayrim fuqarolarga belgilangan tartibda oʻz vakolatlari doirasida topshirishga yoki ularga shartnoma asosida buyurtma berishga haqlidir.
Normativ-huquqiy hujjatni qabul qiluvchi organ, zarur hollarda, normativ-huquqiy hujjatlarning muqobil loyihalarini tayyorlashni bir nechta davlat organiga, ilmiy va boshqa tashkilotlarga, ayrim fuqarolarga oʻz vakolatlari doirasida topshirishga yoki ular bilan shartnomalar tuzishga, shuningdek eng yaxshi normativ-huquqiy hujjat loyihasi uchun tanlovlar oʻtkazishga haqlidir.
Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash boʻyicha ishini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
