6-modda
Mintaqaviy aksilterror tuzilma toʻgʻrisida · Sana: 07.06.2002 · Amalda
MATTning asosiy vazifa va funksiyalari quyidagilar hisoblanadi:
1. terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashda hamkorlikni rivojlantirish toʻgʻrisidagi taklif hamda tavsiyalarni ShHTning tegishli tuzilmalari, shuningdek, Tomonlar iltimosiga koʻra ishlab chiqish;
2. Tomonlarning vakolatli organlariga ulardan birining iltimosiga, jumladan, Konvensiya qonun-qoidalariga koʻra, terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashda koʻmaklashish;
3. Tomonlardan terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurash masalalariga doir MATTga kelib tushayotgan maʼlumotlarni toʻplash hamda tahlil qilish.
4. MATT maʼlumotlar bankini, jumladan, quyidagilar boʻyicha shakllantirish:
xalqaro terroristik, separatistik va boshqa ekstremistik tashkilotlar, ularning tuzilmasi, yetakchilari hamda aʼzolari, aloqador shaxslar, shuningdek, ularni moliyalashtiruvchi manbalar va kanallar;
Tomonlarning manfaatlariga daxl qiluvchi terrorizm, separatizm hamda ekstremizm holati, rivojlanishi va tendensiyalari;
terrorizm, separatizm va ekstremizmni qoʻllab-quvvatlovchi nohukumat tashkilotlar hamda shaxslar;
5. Tomonlar vakolatli organlarining talabnomalari boʻyicha maʼlumotlarni taqdim etish;
6. Manfaatdor Tomonlarning iltimosiga koʻra, aksilterror qoʻmondonlik — shtab va operativ-taktik mashgʻulotlarga tayyorgarlik koʻrish hamda oʻtkazishda koʻmaklashish;
7. Tomonlarning iltimosiga koʻra, terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurash boʻyicha tezkor-qidiruv hamda boshqa tadbirlarga tayyorgarlik koʻrishda va oʻtkazishda koʻmaklashish;
8. Konvensiya 1-moddasining 1-bandida koʻrsatilgan qilmishni sodir etganligi taxmin qilinayotgan shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish maqsadida ularning xalqaro qidiruvini amalga oshirishda koʻmaklashish;
9. terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurash masalalarga daxl qiluvchi xalqaro — huquqiy hujjatlarni tayyorlashda ishtirok etish;
10. Aksilterror boʻlinmalar uchun mutaxassis va instruktorlarni tayyorlashda hamkorlik qilish;
11. terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurash masalalar boʻyicha tajriba almashishga koʻmaklashish, ilmiy-amaliy konferensiyalar hamda seminarlarga tayyorgarlik koʻrishda ishtirok etish;
12. terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurash masalalari bilan shugʻullanuvchi xalqaro tashkilotlar bilan ishchi munosabatlarni oʻrnatish va saqlash.
