11-modda
Mintaqaviy aksilterror tuzilma toʻgʻrisida · Sana: 07.06.2002 · Amalda
Ijroiya qoʻmita Direktor va MATTning normal ishlashini taʼminlash uchun talab etiladigan personaldan iborat.
Direktor Ijroiya qoʻmitaning oliy — maʼmuriy mansabdor shaxsi hisoblanadi va shu maqomda Kengashning barcha yigʻishlarida faoliyat koʻrsatadi, shuningdek, mazkur organ tomonidan uning zimmasiga yuklatiladigan boshqa vazifalarni bajaradi.
Direktor ShHTga aʼzo — Davlatlar rahbarlari kengashi tomonidan uning tavsiyasiga koʻra tayinlanadi. Direktor oʻrinbosarlari koʻrsatilgan lavozimlar biriktirilgan Tomonlarning taklifiga koʻra, Kengash tomonidan lavozimga tayinlanadilar va lavozimdan ozod etiladilar.
Direktor va uning oʻrinbosari (oʻrinbosarlari)ni almashtirish tartibi Kengash tomonidan belgilanadi.
Direktor MATT vakolati doirasida, uning fikricha, ushbu organda koʻrib chiqilishi talab etilayotgan har qanday masalalarni Kengashga axborot uchun taqdim etish huquqiga ega.
Direktor Kengash roziligi bilan tegishli Tomonlarning ShHT budjetiga toʻlaydigan ulushlarini inobatga olgan holda, Tomonlar fuqarolarini Ijroiya qoʻmitaning mansabdor shaxslari etib tayinlaydi va\yoki kontrakt asosida yollaydi.
Ijroiya qoʻmita tuzilmasi, shuningdek, shtat jadvali Direktorning takliflari asosida ShHTga aʼzo — Davlatlar hukumatlari rahbarlari Kengashi tomonidan maʼqullanib, Kengash tomonidan tasdiqlanadi.
Ijroiya qoʻmita Direktori, oʻrinbosari (oʻrinbosarlari), mansabdor shaxslari oʻz majburiyatlarini bajarishda, Tomonlarning hukumat organlari yoki rasmiy shaxslari, shuningdek, ShHTga begona tashkilotlar yoki alohida shaxslarga koʻrsatma soʻrab murojaat qilmaydilar yoki ulardan koʻrsatma olmaydilar.
Tomonlar Ijroiya qoʻmita Direktori, oʻrinbosari (oʻrinbosarlari), mansabdor shaxslarining xalqaro xarakterdagi majburiyatlarini hurmat qilish va xizmat majburiyatlarini bajarishlari chogʻida ularga taʼsir koʻrsatmaslikka majburdirlar.
