1-modda. Taʼriflar
Bojxona ishi sohasida oʻzaro koʻmaklashish toʻgʻrisida · Sana: 28.03.2008 · Amalda
Ushbu Bitim maqsadlarida:
a) “bojxona toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari” — tovarlarning importi, eksporti hamda tranziti, tovarlarni saqlash yoki oʻtishi, bunga bojxona bojlari, soliqlari yoxud bojxona organlari tomonidan undiriladigan boshqa toʻlovlarni undirish uslublari, shuningdek tovarlar importi va eksportini taqiqlash, cheklash yoki nazorat qilinishiga nisbatan Ahdlashuvchi Tomonlarning bojxona organlari tomonidan qoʻllanadigan qonun hujjatlari va qoidalarni anglatadi;
b) “bojxona organlari” — ushbu moddaning (a) bandidagi qoidalarni qoʻllashga masʼul etib tayinlangan Oʻzbekiston Respublikasidan Davlat bojxona qoʻmitasi va Finlyandiya Respublikasidan Milliy bojxona xizmatini anglatadi;
v) “bojxona toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining buzilishi” — bojxonaga oid har qanday qoidabuzarlik yoki bunday qoidabuzarlikka har qanday urinishni anglatadi;
g) “bojxona bojlari va soliqlari” — tovarlar importi va eksporti chogʻida yoki shunga bogʻliq ravishda undiriladigan bojxona bojlari va boshqa barcha bojlar, soliqlar va yigʻimlarni, jumladan Finlyandiya Respublikasiga Yevropa Ittifoqining vakolatli organlari tomonidan joriy etilgan boj va soliqlarni anglatadi, qiymati koʻrsatiladigan xizmatlar qiymatiga taxminan teng cheklangan yigʻimlar bundan mustasno;
d) “shaxs” — har qanday jismoniy yoki yuridik shaxsni anglatadi, agar boshqa mazmunda koʻrsatilmagan boʻlsa;
e) “shaxslar toʻgʻrisida maʼlumot” — aniqlangan yoki aniqlanayotgan jismoniy shaxslarga taalluqli har qanday maʼlumot;
j) “giyohvandlik vositalari” — BMTning Giyohvandlik vositalar toʻgʻrisida 1961-yildagi Yagona Konvensiyaning keyingi toʻldirishlar bilan birga I va II roʻyxatlariga kiritilgan barcha tabiiy va sunʼiy preparatlar, shuningdek milliy qonunchilik bilan giyohvandlik vositalariga tenglashtirilgan har qanday vositalarni anglatadi;
z) “psixotrop moddalar” — Psixotrop moddalar toʻgʻrisida 1971-yildagi Konvensiyaning keyingi toʻldirishlar bilan I, II, III va IV roʻyxatlariga kiritilgan har qanday kelib chiqishi tabiiy va sunʼiy yoki tabiiy materiallar preparatlari, shuningdek milliy qonunchilik bilan psixotroplar moddalarga tenglashtirilgan har qanday vositalarni anglatadi;
i) “prekursorlar” — BMTning 1988-yildagi Konvensiyasi keyingi toʻldirishlar bilan ilovalariga kiritilgan har qanday kimyoviy (ximiyaviy) moddalarni anglatadi;
k) “nazorat ostida tovar yetkazib berish” — Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning oʻrnini bosadigan boshqa moddalarning gʻayriqonuniy muomalada boʻlishini oldini olish hamda bunday muomalada ishtirok etayotgan shaxslarni aniqlash maqsadida, vakolatli idoralar nazorati ostida Ahdlashuvchi Tomon davlatlari hududidan olib chiqishga, hududiga olib kirishga va hududi orqali tranzit olib oʻtishiga yoʻl qoʻyib, bojxona haqidagi qonunlarni buzishga ruxsat beruvchi uslubni anglatadi;
