9-modda. Tadbirkorlik faoliyati subyektlarining majburiyatlari
“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-328-son) · Sana: 02.05.2012 · Amalda
Tadbirkorlik faoliyati subyektlari:
oʻzlari tuzgan shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarishi;
soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashi;
mehnat shartnomasi (kontrakt) boʻyicha ishlayotgan shaxslarning mehnat haqini qonunchilikda Mehnatga haq toʻlash yagona tarif setkasining birinchi razryadi boʻyicha belgilangan miqdordan oz boʻlmagan miqdorda belgilashi, ular bilan oʻz vaqtida hisob-kitob qilishi, shuningdek ish beruvchi sifatida oʻz fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilishi;
mehnatni muhofaza qilish hamda xavfsizlik texnikasi, ekologiya, sanitariya va gigiyena sohasidagi qonunchilik va normativ hujjatlar talablariga rioya etishi;
raqobat toʻgʻrisidagi va isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish haqidagi qonunchilik talablariga rioya etishi;
realizatsiya qilinadigan mahsulot va xizmatlar uchun sertifikatlarga ega boʻlishi;
joylashgan yeri (pochta manzili) va boshqa rekvizitlari oʻzgarganligi toʻgʻrisida tegishli davlat organlarini oʻz vaqtida xabardor qilishi;
buxgalteriya, tezkor va statistika hisobini qonunchilik talablariga muvofiq yuritishi;
oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotlarni tegishli davlat organlariga belgilangan tartibda va muddatlarda taqdim etishi shart.
Tadbirkorlik faoliyati subyektlarining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
