8-modda. Tadbirkorlik faoliyati subyektlarining huquqlari
“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-328-son) · Sana: 02.05.2012 · Amalda
Tadbirkorlik faoliyati subyektlari:
qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishga;
yuridik shaxs boʻlgan boshqa tadbirkorlik subyektlarining muassislari (ishtirokchilari) boʻlishga;
mulk huquqi asosida oʻziga tegishli boʻlgan mol-mulkka egalik qilishga, undan foydalanish va uni tasarruf etishga;
oʻz faoliyati yoʻnalishlarini, tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib beruvchilarni va oʻz tovarlarining (ishlarining, xizmatlarining) isteʼmolchilarini mustaqil ravishda tanlashga;
tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad (foyda) olishga, bundan tovarlar (ishlar, xizmatlar) bozorida ustun mavqeni egallab turgan tadbirkorlik faoliyati subyektlari mustasno;
oʻz tovarlarini (ishlarini, xizmatlarini), ishlab chiqarish chiqindilarini bozor konyunkturasidan kelib chiqib, mustaqil ravishda belgilanadigan narxlar va tariflar boʻyicha yoki shartnoma asosida realizatsiya qilishga, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
barcha ishlab chiqarish xarajatlarining oʻrni qoplanib, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar toʻlanganidan keyin qolgan daromadni (foydani) erkin tasarruf etishga, sud tartibidagi majburiy undiruv hollari bundan mustasno;
kreditlar olishga, boshqa yuridik va jismoniy shaxslarning pul mablagʻlarini hamda oʻzga mol-mulkini shartnoma shartlari asosida jalb etishga, shu jumladan binolarni, inshootlarni, uskunalarni va oʻzga mol-mulkni olishga va (yoki) tekin, ijaraga (lizingga) olishga hamda ularni tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga yoʻnaltirishga;
tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishga haqli.
Tadbirkorlik faoliyati subyektlari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
