31-modda. Tadbirkorlik faoliyati subyektlarining murojaatlarini koʻrib chiqish kafolatlari
“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-328-son) · Sana: 02.05.2012 · Amalda
Tadbirkorlik faoliyati subyektlari davlat organlariga yoki xoʻjalik boshqaruvi organlariga arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat etish huquqiga ega. Tadbirkorlik faoliyati subyektlarining arizalari, takliflari va shikoyatlari ularda qoʻyilgan masalalarni hal etishga vakolatli boʻlgan davlat organiga yoki xoʻjalik boshqaruvi organiga bevosita yoxud boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga beriladi.
Murojaatlarda yuridik shaxs boʻlgan tadbirkorlik subyektining toʻliq firma nomi, joylashgan yeri (pochta manzili) yoki jismoniy shaxs boʻlgan tadbirkorlik subyektining familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi (manzili) koʻrsatilishi, shuningdek arizaning, taklifning yoki shikoyatning mohiyati bayon etilishi kerak. Yozma murojaatlar yuridik shaxs boʻlgan tadbirkorlik subyekti vakolatli shaxsining imzosi bilan yoki jismoniy shaxs boʻlgan tadbirkorlik subyektining imzosi bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak. Tadbirkorlik subyektlarining elektron shaklda taqdim etilgan murojaatlari tadbirkorlik subyektining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.
Tadbirkorlik subyektlarining murojaatlari albatta qabul qilinishi va koʻrib chiqilishi kerak, ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan talablarga javob bermaydigan murojaatlar bundan mustasno. Tadbirkorlik subyektlarining ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan talablarga javob bermaydigan murojaatlari anonim deb hisoblanadi va koʻrib chiqilmaydi.
Tadbirkorlik faoliyati subyektlarining takliflari davlat organiga yoki xoʻjalik boshqaruvi organiga kelib tushgan kundan eʼtiboran bir oygacha boʻlgan muddatda koʻrib chiqiladi, qoʻshimcha oʻrganishni talab etadigan takliflar bundan mustasno boʻlib, bu haqda taklif kiritgan tadbirkorlik faoliyati subyektiga oʻn kunlik muddat ichida maʼlum qilinadi. Arizalar yoki shikoyatlar masalani mohiyatiga koʻra hal etishi shart boʻlgan davlat organiga yoki xoʻjalik boshqaruvi organiga kelib tushgan kundan eʼtiboran bir oygacha boʻlgan muddatda, qoʻshimcha oʻrganishni va tekshirishni talab etmaydiganlari esa, oʻn besh kundan kechiktirmay koʻrib chiqiladi.
Arizani yoki shikoyatni koʻrib chiqish uchun tekshirish oʻtkazish, qoʻshimcha materiallarni talab qilib olish yoxud boshqa chora-tadbirlar koʻrish zarur boʻlgan hollarda, arizani yoki shikoyatni koʻrib chiqish muddatlari tegishli davlat organi yoki xoʻjalik boshqaruvi organi rahbari tomonidan istisno tariqasida koʻpi bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin boʻlib, bu haqda ariza yoki shikoyat bergan tadbirkorlik faoliyati subyektiga maʼlum qilinadi.
