18-modda. Tadbirkorlik faoliyati erkinligining konstitutsiyaviy kafolatlari
“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-328-son) · Sana: 02.05.2012 · Amalda
Davlat iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik erkinligini, barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini kafolatlaydi.
Tadbirkorlik subyektlari qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni amalga oshirishga va oʻz faoliyati yoʻnalishlarini mustaqil ravishda tanlashga haqli.
Xususiy mulk boshqa mulk shakllari qatori daxlsizdir va davlat tomonidan himoya qilinadi.
Tadbirkorlik subyekti mulk huquqi asosida oʻziga tegishli boʻlgan mol-mulkka oʻz xohishiga koʻra egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi.
Tadbirkorlik subyektlari tovarlari, xizmatlari, mehnat resurslari va moliyaviy mablagʻlarining Oʻzbekiston Respublikasi hududida erkin harakatlanishi, ushbu subyektlar davlat roʻyxatidan oʻtgan hududdan qatʼi nazar, kafolatlanadi. Tadbirkorlik subyektlari tovarlari, xizmatlari, mehnat resurslari va moliyaviy mablagʻlarining hududiy prinsip boʻyicha erkin harakatlanishini cheklashga, toʻxtatib turishga va taqiqlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Tadbirkorlik subyektlarining oʻz huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilishi, davlat organlarining, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, boshqa tashkilotlarning qonunga xilof qarorlari, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi.
