16-modda. Tadbirkorlik faoliyati subyektlarini kreditlash va sugʻurta qilish
“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-328-son) · Sana: 02.05.2012 · Amalda
Tadbirkorlik faoliyati subyektlarini kreditlash qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Tadbirkorlik faoliyati subyektiga kreditlar berilayotganda banklar, boshqa kredit yoki sugʻurta tashkilotlari kafolat beruvchi boʻlishi mumkin. Toʻlovga qobiliyatli yuridik va jismoniy shaxslar, shuningdek fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qonunchilikda belgilangan tartibda kafil boʻlishi mumkin.
Tadbirkorlik faoliyati subyekti kredit shartnomalari boʻyicha majburiyatlar bajarilishini taʼminlash vositasi sifatida oʻz mol-mulkidan, shu jumladan ashyolari va mulkiy huquqlaridan, qonunda belgilangan hollar bundan mustasno, shuningdek oʻzi olgan kreditni toʻlay olmaslik xavfini sugʻurta qilish polisidan foydalanishi mumkin.
Tadbirkorlik subyektlari qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda imtiyozli kreditlanish huquqiga ega.
Tadbirkorlik faoliyati subyektlarini sugʻurta qilish qonunchilikda va shartnomada belgilangan tartibda sugʻurta tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.
