32-modda. Raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik haqidagi ish yuzasidan monopoliyaga qarshi organning qarori
Raqobat toʻgʻrisida (O‘RQ-319-son) · Sana: 06.01.2012 · Amalda
Monopoliyaga qarshi organ raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik haqidagi ishni mohiyatan koʻrib chiqish natijalari boʻyicha:
raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilikning buzilganligi fakti aniqlanishi va tegishli huquqiy taʼsir choralarini koʻrilishi haqida;
ish yuritishni tugatish haqida qaror qabul qiladi.
Monopoliyaga qarshi organ:
raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilganligi faktlari tasdiqlanmagan taqdirda;
oʻziga nisbatan ish yuritilayotgan yuridik shaxs tugatilgan yoki jismoniy shaxs vafot etgan taqdirda;
monopoliyaga qarshi organ koʻrib chiqayotgan raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik haqidagi ish yuzasidan sud tomonidan qaror qabul qilingan taqdirda, raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik haqidagi ishni yuritishni tugatadi.
Monopoliyaga qarshi organning raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik haqidagi ish yuzasidan qarori darhol eʼlon qilinishi lozim.
Monopoliyaga qarshi organning raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik haqidagi ish yuzasidan qaroriga asosan, oʻziga nisbatan qaror qabul qilingan shaxsga koʻrsatma beriladi.
