25-modda. Terrorizmga qarshi kurashda ishtirok etayotgan, huquqiy va ijtimoiy himoyalanishi zarur boʻlgan shaxslar
Terrorizmga qarshi kurash toʻgʻrisida (167-II-son) · Sana: 15.12.2000 · Amalda
Terrorizmga qarshi kurashda ishtirok etayotgan shaxslar davlat himoyasidadir.
Quyidagilar huquqiy va ijtimoiy himoyalanishi lozim:
terrorizmga qarshi kurashda bevosita ishtirok etayotgan harbiy xizmatchilar, davlat organlarining xodimlari va mutaxassislari;
terrorchilik faoliyatining oldini olishda, uni aniqlashda, unga chek qoʻyishda, uni tergov qilishda hamda uning oqibatlarini minimallashtirishda terrorizmga qarshi kurashni amalga oshirayotgan davlat organlariga doimiy yoki vaqtincha koʻmaklashayotgan shaxslar;
ushbu qismning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida koʻrsatib oʻtilgan shaxslarning oila aʼzolari, agar ularning himoyalanishini taʼminlash zarurati mazkur shaxslarning terrorizmga qarshi kurashdagi ishtirokiga bogʻliq boʻlsa.
Terrorizmga qarshi kurashda bevosita ishtirok etayotgan, terrorizmga qarshi kurashga koʻmaklashayotgan shaxslarga, shuningdek ularning oila aʼzolariga, basharti ularning hayoti va sogʻligʻiga tahdid yuzaga kelgan taqdirda, iltimoslariga koʻra ularning tashqi qiyofasi, familiyasi, ismi va otasining ismi, shuningdek ish va yashash joylari terrorizmga qarshi kurash organlari taʼminotiga ajratiladigan mablagʻlar hisobidan oʻzgartirilishi mumkin.
