4-modda. Geografik obyektlarning nomlariga doir talablar
Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida (O‘RQ-303-son) · Sana: 12.10.2011 · Amalda
Geografik obyektga berilayotgan nom:
geografik obyektga eng xos boʻlgan belgilarni aks ettirishi;
mazkur geografik obyekt joylashgan yerdagi geografik obyektlar nomlarining mavjud tizimiga mos tushishi;
mahalliy aholining fikrini hisobga olishi;
qoida tariqasida, koʻpi bilan uchta soʻzdan iborat boʻlishi;
ushbu Qonun 6-moddasining ikkinchi qismi talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
Viloyatlar, tumanlar, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar, ovullar, aholi punktlariga odamlarning ismi-sharifini berishga, shuningdek ularni tarixiy voqealar sharafiga nomlashga, qoida tariqasida, yoʻl qoʻyilmaydi.
Aholi punktlarining tarkibiy qismlariga (mahallalar, shohkoʻchalar, koʻchalar, maydonlar, bogʻlar, xiyobonlarga) ayrim odamlarning, jamoat arboblarining, siyosiy arboblarning ismi-sharifini berishga, qoida tariqasida, yoʻl qoʻyilmaydi, bundan Oʻzbekiston yoki jahon tarixida chuqur iz qoldirgan shaxslar mustasno.
Vakolatli davlat hokimiyati organlari va respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan tashkil etilayotgan geografik obyektlarga ularni tashkil etish toʻgʻrisidagi tegishli hujjatlar bilan ushbu Qonun talablariga muvofiq nom beriladi.
Maʼmuriy-hududiy birliklarning nomlari, qoida tariqasida, ularning maʼmuriy markazlari nomidan, ushbu maʼmuriy-hududiy birliklar joylashgan hudud qismining geografik yoki tarixiy nomidan hosil boʻlishi lozim.
Transport va muhandislik-texnika infratuzilmasi obyektlarining, shu jumladan aeroportlar, vokzallar, portlar, pristanlar, razyezdlar, temir yoʻl stansiyalarining va boshqa obyektlarning nomlari, qoida tariqasida, ularning yonida joylashgan aholi punktlarining yoki ular tarkibiy qismlarining, boshqa geografik obyektlarning nomlaridan hosil boʻlishi kerak.
Quyidagilarga aynan bir xil nom berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi:
Oʻzbekiston Respublikasi doirasidagi viloyatlar, tumanlar, shaharlarga;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar doirasidagi shaharchalar, qishloqlar, ovullarga;
bir tuman, shahar doirasidagi, tarkibida tumanlar mavjud boʻlgan shahar yoki aholi punkti doirasidagi bir nechta turdosh geografik obyektga.
