3-modda. Asosiy tushunchalar
Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida (O‘RQ-303-son) · Sana: 12.10.2011 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
geografik obyektlar — Yerning hozirda yoki oʻtmishda mavjud boʻlgan hamda muayyan oʻrnashgan joyi bilan tavsiflanadigan, kelib chiqishi tabiiy yoki sunʼiy boʻlgan yaxlit va nisbatan barqaror hosilalari. Ular jumlasiga: maʼmuriy-hududiy birliklar (viloyatlar, tumanlar, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar, ovullar); aholi punktlari va ularning tarkibiy qismlari (mahallalar, shohkoʻchalar, koʻchalar, maydonlar, bogʻlar, xiyobonlar); transport va muhandislik-texnika infratuzilmasi obyektlari (temir yoʻl stansiyalari, avtostansiyalar, metropoliten stansiyalari, vokzallar, aeroportlar, portlar, pristanlar, koʻpriklar, razyezdlar, yoʻllar, kanallar, suv omborlari, toʻgʻonlar, dambalar); tabiiy obyektlar (daryolar, koʻllar, muzliklar, tekisliklar, togʻlar, togʻ tizmalari, gʻorlar, choʻllar, vodiylar, daralar, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, yonbagʻirlar, foydali qazilmalar konlari) va boshqa shu kabi obyektlar kiradi;
geografik obyektlarning nomlari — geografik obyektlarning ularni farqlash va aniqlash uchun foydalaniladigan oʻz nomlari;
geografik obyektning nomini belgilash — yanada normallashtirish maqsadida geografik obyektning nomini aniqlash;
geografik obyektning nomini normallashtirish — geografik obyektning eng koʻp foydalaniladigan va eng maqbul nomini tanlash, ushbu nom yoziladigan shaklini belgilash hamda tasdiqlash;
geografik obyektning nomini oʻzgartirish — geografik obyektning hozirgi nomini ushbu Qonunda belgilangan hollarda va tartibda oʻzgartirish;
geografik obyektlarning nomlari sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi — Kadastr agentligi;
geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi takliflarning davlat ekspertizasi — geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi takliflarning qonunchilik talablariga muvofiqligini aniqlashga qaratilgan hamda Kadastr agentligi tomonidan oʻtkaziladigan toponimik, etnografik, lingvistik, kartografik va boshqa tadqiqotlar majmui.
