17-modda. Geografik obyektlarning nomlaridan foydalanish
Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida (O‘RQ-303-son) · Sana: 12.10.2011 · Amalda
Geografik obyektlarning roʻyxatdan oʻtkazilgan nomlari:
oʻz faoliyatini amalga oshirayotganda davlat hokimiyati organlari va respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan;
oʻquv nashrlarida, kartografik, maʼlumotnoma, ensiklopedik nashrlarda, eʼlonlar, reklama, yoʻl belgilari, pochta joʻnatmalarida foydalanish uchun majburiydir.
Geografik obyektlarning roʻyxatdan oʻtkazilgan nomlaridan boshqa hollarda ham qonunchilikka muvofiq foydalanish mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan geografik obyektlar nomlarining yoʻl belgilaridagi, peshlavhalar va boshqa koʻrsatkichlardagi yozuvlari davlat tilida ifodalanadi.
Davlat hokimiyati organlari va respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, korxonalar, muassasalar hamda tashkilotlar oʻz vakolatlari doirasida Kadastr agentligi bilan kelishilgan holda, geografik obyektlar nomlarining rasmiy kataloglari va maʼlumotnomalarini nashr etadi.
