13-modda. Alkogol va tamaki mahsulotlarini olib kirish hamda realizatsiya qilishga doir cheklovlar
Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisida (O‘RQ-302-son) · Sana: 05.10.2011 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga alkogol mahsulotini polietilen, polistirol va boshqa polimer materialdan tayyorlangan polimer isteʼmol idishlarida olib kirish taqiqlanadi, bundan pivo va vino mahsulotlari mustasno.
Alkogol va tamaki mahsulotlarini:
yigirma yoshga toʻlmagan shaxslarga;
taʼlim, sport muassasalari va diniy muassasalardan toʻgʻri chiziq boʻylab ikki yuz metrdan kam masofada joylashgan savdo obyektlari tomonidan, bundan savdo obyekti umumiy savdo maydoni ming kvadrat metrdan ortiq boʻlgan savdo majmualarining (bozorlarning) va yarmarka pavilyonlarining hududida joylashgan hollar mustasno;
ular texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga, qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa talablarga muvofiq boʻlmasa;
aksiz markalari bilan tamgʻalanmagan holda (pivodan tashqari) yoki qalbaki aksiz markalari bilan;
ularning ishlab chiqaruvchisini aniqlash imkonini beradigan tarzda aniq tamgʻalanmagan boʻlsa;
donalab, qutisiz (oʻrovsiz) holda — tamaki mahsulotiga nisbatan;
ularni ishlab chiqarish uchun litsenziyaga ega boʻlmagan, shuningdek pivo va pivo ichimliklarini (bundan tabiiy vino mustasno) ishlab chiqarish faoliyatini boshlaganlik toʻgʻrisida vakolatli organni xabardor qilmagan Oʻzbekiston Respublikasi ishlab chiqaruvchisi tomonidan ishlab chiqarilgan boʻlsa;
bunday mahsulotni yetkazib berish huquqiga ega boʻlmagan yoki yetkazib berishni qonunchilikni buzgan holda amalga oshirgan yetkazib beruvchidan olingan boʻlsa, realizatsiya qilish mumkin emas.
Alkogol va tamaki mahsulotlarini realizatsiya qilish qonunchilikka muvofiq boshqa hollarda ham cheklanishi mumkin.
