12-modda. Alkogol va tamaki mahsulotlarining oʻralishiga, tamgʻalanishiga doir talablar
Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisida (O‘RQ-302-son) · Sana: 05.10.2011 · Amalda
Alkogol va tamaki mahsulotlarining oʻralishiga, tamgʻalanishiga doir talablar qonunchilikda nazarda tutilgan texnik reglamentlarga muvofiq belgilanadi.
Alkogol mahsulotining idishida yorliq asosiy yuzasining kamida qirq foizini egallaydigan matnli yozuv va (yoki) rasm tarzidagi tibbiy ogohlantirish boʻlishi kerak.
Tamaki mahsulotining qutisida (oʻrovida) tamaki mahsuloti qutisi (oʻrovi) old tomoni asosiy yuzasining kamida qirq foizini va orqa tomoni asosiy yuzasining kamida qirq foizini egallaydigan matnli yozuv va (yoki) rasm tarzidagi tibbiy ogohlantirish boʻlishi kerak.
Tamaki mahsulotining qutisida (oʻrovida) inson sogʻligʻiga yetkaziladigan zararni kamaytirib koʻrsatuvchi, tamaki mahsulotining xususiyati haqida zararsiz mahsulot sifatida yoki tamaki mahsulotining boshqa namunalariga qaraganda zarari kamroq ekanligi toʻgʻrisida yolgʻon taassurot uygʻotadigan axborot joylashtirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
