52-modda. Jamiyatni boʻlish
Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida (310-II-son) · Sana: 06.12.2001 · Amalda
Jamiyatni uning barcha huquqlari va majburiyatlarini yangitdan tashkil etilgan jamiyatlarga oʻtkazgan holda tugatish jamiyatni boʻlish deb eʼtirof etiladi.
Boʻlish shaklida qayta tashkil etilayotgan jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi bunday qayta tashkil etish toʻgʻrisida, jamiyatni boʻlish tartibi va shartlari toʻgʻrisida, yangi jamiyatlarni tashkil etish va boʻlish balansini tasdiqlash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Boʻlish natijasida tuzilayotgan har bir jamiyatning ishtirokchilari taʼsis shartnomasini imzolaydilar. Boʻlish natijasida tashkil etilayotgan har bir jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi jamiyatning ustavini tasdiqlaydi va uning organlarini saylaydi.
Jamiyat boʻlinganda uning barcha huquqlari va majburiyatlari boʻlish balansiga muvofiq boʻlish natijasida tashkil etilgan jamiyatlarga oʻtadi.
Agar boʻlish balansi qayta tashkil etilgan jamiyatning huquqiy vorisini aniqlash imkoniyatini bermasa, qayta tashkil etish natijasida tashkil etilgan yuridik shaxslar qayta tashkil etilgan jamiyatning majburiyatlari yuzasidan uning kreditorlari oldida solidar javobgar boʻladilar.
