51-modda. Jamiyatni birlashtirish
Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida (310-II-son) · Sana: 06.12.2001 · Amalda
Bir yoki bir necha jamiyatni ularning huquqlari va majburiyatlarini boshqa jamiyatga oʻtkazgan holda tugatish jamiyatni birlashtirish deb eʼtirof etiladi.
Birlashtirish shaklida qayta tashkil etishda ishtirok etuvchi har bir jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi bunday qayta tashkil etish toʻgʻrisida, birlashtirish toʻgʻrisidagi shartnomani tasdiqlash haqida qaror qabul qiladi, birlashtirilayotgan jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi esa, topshirish dalolatnomasini tasdiqlash toʻgʻrisida ham qaror qabul qiladi.
Birlashtirishda ishtirok etuvchi jamiyatlar ishtirokchilarining qoʻshma umumiy yigʻilishi birlashtirilayotgan jamiyatning taʼsis hujjatlariga jamiyatning ishtirokchilari tarkibi oʻzgarishi, ularning ulushlari miqdorlarini belgilash bilan bogʻliq oʻzgartishlarni, birlashtirish toʻgʻrisidagi shartnomada nazarda tutilgan boshqa oʻzgartishlarni kiritadi, shuningdek zarurat boʻlganda boshqa masalalarni, shu jumladan birlashtirilayotgan jamiyatning organlarini saylash toʻgʻrisidagi masalalarni hal etadi. Bunday umumiy yigʻilishni oʻtkazish muddatlari va tartibi birlashtirish toʻgʻrisidagi shartnomada belgilanadi.
Bir jamiyat boshqasiga birlashtirilganda topshirish dalolatnomasiga muvofiq birlashtirilayotgan jamiyatning barcha huquqlari va majburiyatlari birlashtirib olayotgan jamiyatga oʻtadi.
