49-modda. Jamiyatni qayta tashkil etish
Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida (310-II-son) · Sana: 06.12.2001 · Amalda
Jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining qaroriga binoan jamiyat ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda qayta tashkil etilishi mumkin.
Jamiyatni qayta tashkil etish qoʻshib yuborish, birlashtirish, boʻlish, ajratib chiqarish va qayta tuzish shaklida amalga oshirilishi mumkin.
Jamiyat, birlashtirish shaklidagi qayta tashkil etish hollarini istisno etganda, qayta tashkil etish natijasida tuziladigan yuridik shaxslar davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran qayta tashkil etilgan deb hisoblanadi.
Jamiyat unga boshqa jamiyatni birlashtirish shaklida qayta tashkil etilganda ulardan birinchisi yuridik shaxslarning yagona davlat reyestriga birlashtirilgan jamiyat faoliyati tugatilgani haqida yozuv kiritilgan paytdan eʼtiboran qayta tashkil etilgan deb hisoblanadi.
Qayta tashkil etish natijasida tuzilgan jamiyatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish va qayta tashkil etilgan jamiyatlarning faoliyatini tugatish toʻgʻrisidagi yozuvlarni kiritish, shuningdek ustavga kiritilgan oʻzgartishlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Jamiyatni qayta tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran, jamiyat qoʻshib yuborish yoki birlashtirish shaklida qayta tashkil etilganda esa bu haqda qoʻshilishda yoki birlashtirishda ishtirok etayotgan jamiyatlardan oxirgisi tomonidan qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran oʻttiz kundan kechiktirmay jamiyat bu haqda jamiyatning oʻziga maʼlum barcha kreditorlarini yozma ravishda xabardor qilishi va qabul qilingan qaror haqida ommaviy axborot vositalarida xabar eʼlon qilishi shart. Bunda jamiyat kreditorlari oʻzlariga xabarnomalar yuborilgan sanadan eʼtiboran oʻttiz kun ichida yoki qaror qabul qilingani toʻgʻrisida xabar eʼlon qilingan sanadan eʼtiboran oʻttiz kun ichida jamiyatning tegishli majburiyatlari muddatidan ilgari tugatilishini yoki bajarilishini va koʻrgan zararlarining oʻrni qoplanishini yozma ravishda talab qilishga haqlidir.
Qayta tashkil etish natijasida tuzilgan jamiyatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, qayta tashkil etilgan jamiyatlarning faoliyatini tugatish toʻgʻrisidagi yozuvlarni kiritish ushbu moddaning oltinchi qismida belgilangan tartibda kreditorlar xabardor qilinganligining dalillari taqdim etilgan taqdirdagina amalga oshiriladi.
