48-modda. Jamiyat hujjatlarini saqlash
Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida (310-II-son) · Sana: 06.12.2001 · Amalda
Jamiyat, agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, quyidagi hujjatlarni ustavda belgilangan muddat mobaynida saqlashi shart:
jamiyatning taʼsis hujjatlari, shuningdek jamiyatning taʼsis hujjatlariga kiritilgan hamda belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan oʻzgartishlar va qoʻshimchalar;
jamiyat muassislari yigʻilishining jamiyatni tashkil etish va jamiyatning ustav fondiga (ustav kapitaliga) qoʻshiladigan pulsiz hissalarning pul bahosini tasdiqlash toʻgʻrisidagi qarorni, shuningdek jamiyatni tashkil etish bilan bogʻliq boshqa qarorlarni oʻz ichiga olgan bayonnomasi;
jamiyat davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligini tasdiqlovchi hujjat;
jamiyatning oʻz balansida turgan mol-mulkka boʻlgan huquqini tasdiqlovchi hujjatlar;
jamiyatning filiallari va vakolatxonalari toʻgʻrisidagi nizomlar;
jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishlarining, jamiyat kuzatuv kengashi, jamiyatning kollegial ijro etuvchi organi va jamiyatning taftish komissiyasi majlislarining bayonnomalari;
jamiyat taftish komissiyasining (taftishchisining) va auditorlik tashkilotining xulosalari;
qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hujjatlar.
Jamiyat ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan hujjatlarni oʻzining ijro etuvchi organi joylashgan yerda yoki jamiyat ishtirokchilariga maʼlum boʻlgan va ular uchun qulay boʻlgan boshqa joyda saqlaydi.
