33-modda. Jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishini chaqirish tartibi
Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida (310-II-son) · Sana: 06.12.2001 · Amalda
Jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishini chaqiruvchi organ yoki shaxslar uni oʻtkazishdan kamida oʻttiz kun oldin bu haqda jamiyatning har bir ishtirokchisini jamiyat ishtirokchilarining roʻyxatida koʻrsatilgan manzil boʻyicha buyurtma xat bilan yoki jamiyatning ustavida nazarda tutilgan boshqa usulda xabardor qilishi shart.
Xabarnomada jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi oʻtkaziladigan vaqt va joy, shuningdek taklif qilinayotgan kun tartibi koʻrsatilishi kerak.
Jamiyatning istalgan ishtirokchisi jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining kun tartibiga qoʻshimcha masalalarni kiritish toʻgʻrisida uni oʻtkazishdan kamida oʻn besh kun oldin takliflar kiritishga haqlidir. Qoʻshimcha masalalar, jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining vakolatlari jumlasiga kirmaydigan masalalarni istisno etganda, jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining kun tartibiga kiritiladi.
Jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishini chaqiruvchi organ yoki shaxslar jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining kun tartibiga kiritish uchun taklif qilingan qoʻshimcha masalalar taʼrifiga oʻzgartirish kiritishga haqli emaslar.
Agar jamiyat ishtirokchilarining taklifiga binoan jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining dastlabki kun tartibiga oʻzgartishlar kiritiladigan boʻlsa, jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishini chaqiruvchi organ yoki shaxslar umumiy yigʻilish oʻtkaziladigan kundan kamida oʻn kun oldin ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan usulda kun tartibiga kiritilgan oʻzgartishlar haqida jamiyatning barcha ishtirokchilarini xabardor qilishlari shart.
Jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishiga tayyorgarlik koʻrish chogʻida jamiyat ishtirokchilariga taqdim etilishi lozim boʻlgan axborot va materiallar jumlasiga quyidagilar kiradi:
jamiyatning yillik hisoboti;
jamiyatning yillik hisobotlari va yillik buxgalteriya balanslarini tekshirish natijalari boʻyicha jamiyat taftish komissiyasining (taftishchisining) xulosasi;
moliyaviy hisobotlarning toʻgʻriligi va buxgalteriya hisobini yuritish tartibi belgilangan talablarga muvofiqligi toʻgʻrisidagi auditorlik xulosasi;
jamiyatning ijro etuvchi organlariga, jamiyatning kuzatuv kengashiga va jamiyatning taftish komissiyasiga (taftishchiligiga) nomzod (nomzodlar) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
