32-modda. Jamiyat ishtirokchilarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishi
Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida (310-II-son) · Sana: 06.12.2001 · Amalda
Jamiyat ishtirokchilarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishi jamiyatning ustavida belgilangan hollarda, shuningdek, agar bunday umumiy yigʻilishni oʻtkazishni jamiyatning va uning ishtirokchilarining manfaatlari taqozo etsa, boshqa hollarda ham oʻtkaziladi.
Jamiyat ishtirokchilarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishi jamiyatning ijro etuvchi organi tomonidan:
jamiyat ishtirokchilari umumiy ovozlar sonining jami kamida oʻndan biriga ega boʻlgan jamiyat ishtirokchilarining;
jamiyat kuzatuv kengashining;
jamiyat taftish komissiyasining (taftishchisining) talabiga binoan chaqiriladi.
Jamiyat ishtirokchilarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishi zarur hollarda jamiyatning ijro etuvchi organi tomonidan uning tashabbusiga binoan chaqirilishi mumkin.
Jamiyatning ijro etuvchi organi jamiyat ishtirokchilarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishini oʻtkazish toʻgʻrisidagi talab olingan sanadan eʼtiboran uch kun ichida mazkur talabni koʻrib chiqishi va jamiyat ishtirokchilarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishini oʻtkazish haqida yoki uni oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi shart.
Jamiyat ishtirokchilarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishini oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror jamiyatning ijro etuvchi organi tomonidan faqat quyidagi hollarda qabul qilinishi mumkin:
agar jamiyat ishtirokchilarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishini oʻtkazish toʻgʻrisidagi talabni taqdim etishning ushbu Qonunda belgilangan tartibiga rioya etilgan boʻlmasa;
agar jamiyat ishtirokchilarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishining kun tartibiga kiritish uchun taklif qilingan masalalardan birortasi ham uning vakolatlari jumlasiga kirmasa.
Agar jamiyatning ustavida kuzatuv kengashini tuzish nazarda tutilgan boʻlsa, jamiyatning ijro etuvchi organi jamiyat ishtirokchilarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishini oʻtkazish toʻgʻrisidagi talab olingan sanadan eʼtiboran uch kun ichida bu talabni kuzatuv kengashi koʻrib chiqishi uchun kiritishi shart. Kuzatuv kengashi uch kun ichida mazkur talabni koʻrib chiqishi va jamiyat ishtirokchilarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishini oʻtkazish toʻgʻrisida yoki ushbu moddaning beshinchi qismida koʻrsatilgan asoslar boʻyicha uni oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi shart.
