24-modda. Undiruvni jamiyat ishtirokchisining jamiyat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushiga qaratish
Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida (310-II-son) · Sana: 06.12.2001 · Amalda
Kreditorlarning talabiga binoan jamiyat ishtirokchisining qarzlari boʻyicha undiruvni jamiyat ishtirokchisining jamiyat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushiga (ulushining bir qismiga) qaratishga qarzlarni qoplash uchun jamiyat ishtirokchisining boshqa mol-mulki yetarli boʻlmaganda faqat sudning qarori asosida yoʻl qoʻyiladi.
Jamiyat ishtirokchisining qarzlari boʻyicha undiruv jamiyat ishtirokchisining jamiyat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushiga qaratilgan taqdirda, jamiyat kreditorlarga jamiyat ishtirokchisi ulushining (ulushi bir qismining) haqiqiy qiymatini toʻlashga haqlidir.
Jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining jamiyat barcha ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan qabul qilingan qaroriga binoan mol-mulkiga undiruv qaratilgan jamiyat ishtirokchisi ulushining (ulushi bir qismining) haqiqiy qiymati kreditorlarga jamiyatning qolgan ishtirokchilari tomonidan, agar jamiyatning ustavi yoki jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishi qarorida haq toʻlash miqdorini aniqlashning boshqacha tartibi nazarda tutilgan boʻlmasa, ularning jamiyat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlariga mutanosib ravishda toʻlanishi mumkin.
Jamiyat ishtirokchisining jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushining (ulushi bir qismining) haqiqiy qiymati undiruvni jamiyat ishtirokchisining qarzlari boʻyicha uning ulushiga (ulushining bir qismiga) qaratish toʻgʻrisida jamiyatga talab qoʻyilgan sanadan oldingi oxirgi hisobot davri uchun jamiyatning buxgalteriya hisobotlari maʼlumotlari asosida aniqlanadi.
Agar jamiyat kreditorlari tomonidan talab taqdim etilgan paytdan eʼtiboran uch oy ichida jamiyat yoki uning ishtirokchilari undiruv qaratilgan jamiyat ishtirokchisi butun ulushining (butun ulushi bir qismining) haqiqiy qiymatini toʻlamasalar, undiruvni jamiyat ishtirokchisining ulushiga (ulushining bir qismiga) qaratish uni ochiq kim oshdi savdosida sotish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
