23-modda. Jamiyatga qarashli ulushlar
Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida (310-II-son) · Sana: 06.12.2001 · Amalda
Jamiyatga qarashli ulushlar jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishida ovoz berish natijalarini aniqlash, shuningdek jamiyat tugatilgan taqdirda uning foydasi va mol-mulki taqsimlanayotganda hisobga olinmaydi.
Jamiyatga qarashli ulush u jamiyatga oʻtgan kundan eʼtiboran bir yil ichida jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining qaroriga binoan jamiyatning barcha ishtirokchilari oʻrtasida ularning jamiyat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlariga mutanosib ravishda taqsimlanishi yoxud jamiyatning barcha yoki ayrim ishtirokchilariga va (yoki), agar bu jamiyatning ustavida taqiqlangan boʻlmasa, uchinchi shaxslarga sotilishi hamda toʻliq toʻlanishi kerak. Ulushning taqsimlanmagan yoki sotilmagan qismining haqi jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) tegishlicha kamaytirgan holda toʻlanishi kerak. Ulushni jamiyat ishtirokchilarining ulushlari miqdorlari oʻzgaradigan tarzda jamiyat ishtirokchilariga sotish, ulushni uchinchi shaxslarga sotish, shuningdek ulushni sotish bilan bogʻliq oʻzgartishlarni jamiyatning taʼsis hujjatlariga kiritish jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining jamiyatning barcha ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan qabul qilingan qarori asosida amalga oshiriladi.
Ushbu moddada nazarda tutilgan, jamiyatning ustaviga kiritilgan oʻzgartirishlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun hujjatlar, ulush sotilgan taqdirda esa, jamiyat tomonidan sotilgan ulushning haqi toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar ham yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organga jamiyat ishtirokchilari ulushlarining haqini toʻlash yakunlarini tasdiqlash va jamiyatning taʼsis hujjatiga tegishli oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran bir oy ichida taqdim etilishi kerak.
