11-modda. Jamiyatning taʼsis hujjatlari
Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida (310-II-son) · Sana: 06.12.2001 · Amalda
Jamiyatning taʼsis shartnomasi va ustavi jamiyat taʼsis hujjatlari deb hisoblanadi.
Agar jamiyat bir shaxs tomonidan taʼsis etilsa, shu shaxs tasdiqlagan ustav jamiyatning taʼsis hujjati hisoblanadi. Jamiyat ishtirokchilarining soni ikki va undan ortiq kishiga koʻpaysa, ular oʻrtasida taʼsis shartnomasi tuzilishi kerak.
Jamiyat ishtirokchisining, auditorning yoki istalgan manfaatdor shaxsning talabiga binoan jamiyat ularga jamiyatning taʼsis hujjatlari bilan, shu jumladan unga kiritilgan oʻzgartishlar bilan tanishish imkoniyatini berishi shart. Jamiyat ishtirokchisining talabiga binoan jamiyat unga jamiyatning taʼsis shartnomasi va ustavi nusxalarini berishi shart. Nusxalarni berganlik uchun jamiyat tomonidan olinadigan haq ularni tayyorlashga ketgan xarajatlardan ortiq boʻlishi mumkin emas.
Jamiyatning taʼsis hujjatlariga oʻzgartirishlar jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi qaroriga binoan kiritiladi. Taʼsis shartnomasi qoidalari va jamiyat ustavi qoidalari muvofiq boʻlmagan taqdirda, jamiyat ustavi qoidalari uchinchi shaxslar va jamiyat ishtirokchilari uchun ustuvor kuchga ega boʻladi.
