10-modda. Jamiyatni taʼsis etish tartibi
Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida (310-II-son) · Sana: 06.12.2001 · Amalda
Jamiyatning muassislari taʼsis shartnomasini tuzadilar va jamiyat ustavini tasdiqlaydilar, ushbu Qonun 11-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Jamiyat muassislari jamiyatning ijro etuvchi organlarini saylaydilar (tayinlaydilar), shuningdek jamiyatning ustav fondiga (ustav kapitaliga) pulsiz hissalar qoʻshilgan taqdirda, ularning pul bahosini tasdiqlaydilar. Jamiyat ustavini tasdiqlash toʻgʻrisidagi qaror, shuningdek jamiyat muassislari kiritadigan hissalarning pul bahosini tasdiqlash toʻgʻrisidagi qaror muassislar tomonidan bir ovozdan qabul qilinadi. Boshqa qarorlar jamiyatning muassislari tomonidan ushbu Qonunda va jamiyatning taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda qabul qilinadi.
Jamiyatning muassislari jamiyatni taʼsis etish bilan bogʻliq va uni davlat roʻyxatidan oʻtkazishga qadar yuzaga kelgan majburiyatlar yuzasidan solidar javobgar boʻladilar. Jamiyat muassislarning uni taʼsis etish bilan bogʻliq majburiyatlari yuzasidan, ularning harakatlari keyinchalik jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi tomonidan maʼqullangan taqdirdagina javobgar boʻladi.
