3-modda. Asosiy tushunchalar
Kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisida (O‘RQ-301-son) · Sana: 04.10.2011 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
kredit bitimi — kredit, qarz, lizing, faktoring, sugʻurta shartnomasi hamda pul mablagʻlari va boshqa mol-mulkni qarzga berishni, shu jumladan tovarlar, ishlar va xizmatlar uchun toʻlovni boʻnak (oldindan toʻlash), kechiktirib yoki boʻlib-boʻlib toʻlash tarzida berishni nazarda tutuvchi boshqa shartnomalar;
kredit axboroti almashinuvi — kredit byurosi, kredit axboroti subyekti, kredit axborotini yetkazib beruvchi va kredit axborotidan foydalanuvchining kredit tarixini shakllantirish hamda kredit hisobotini taqdim etish maqsadida kredit axborotini yigʻish, unga ishlov berish, uni tahlil qilish, saqlash, taqdim etish, undan foydalanish va kredit axborotini himoya qilish borasidagi hamkorligi;
kredit axboroti subyekti — kredit bitimi boʻyicha tegishincha qarz oluvchi (qarzdor), lizing oluvchi, kafil, kafolat beruvchi, garovga qoʻyuvchi va sugʻurta qildiruvchi sifatida ishtirok etuvchi yuridik yoki jismoniy shaxs, shuningdek oʻzining kredit bitimi tuzishini taqiqlash yoki bunday taqiqni olib tashlash toʻgʻrisida kredit byurolariga maʼlumotlar kiritish haqida ariza bergan jismoniy shaxs;
kredit axborotini yetkazib beruvchi — kredit axborotini kredit byurosiga taqdim etuvchi yuridik yoki jismoniy shaxs;
kredit axborotidan foydalanuvchi — kredit bitimi boʻyicha tegishincha kreditor, lizing beruvchi, garovga oluvchi va sugʻurtalovchi sifatida ishtirok etuvchi yuridik yoki jismoniy shaxs, shuningdek qonunchilikka muvofiq kredit axborotidan foydalanish vakolatiga ega boʻlgan yuridik shaxs;
kredit bitimi tuzishi taqiqlangan shaxslar reyestri — kredit bitimi tuzishi taqiqlangan jismoniy shaxslar toʻgʻrisidagi axborotni oʻz ichiga olgan va kredit byurolari tomonidan yuritiladigan yagona maʼlumotlar bazasi.
