24-modda. Kredit axborotini taqdim etishga va uning almashinuviga doir cheklashlar
Kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisida (O‘RQ-301-son) · Sana: 04.10.2011 · Amalda
Kredit axborotini taqdim etish va uning almashinuvi faqat kredit bitimini tuzish, oʻzgartirish hamda kredit bitimining ijrosini monitoring qilishdagi tavakkalchilikni baholash maqsadida, shu jumladan kredit axboroti subyektlarini reyting asosida baholash orqali, shuningdek ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan maqsadda va qonunchilikda belgilangan boshqa maqsadlarda amalga oshiriladi.
Ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi arizaga asosan kredit axboroti subyektining va u bilan birga yashovchi oila aʼzolarining (oʻz oilasiga ega boʻlmaganda ota-onasining, shuningdek oʻz oilasiga ega boʻlganda erining, xotinining hamda oʻz oilasiga ega boʻlmagan 18 yoshli va undan katta yoshli farzandlarining) toʻlovga qobiliyatliligini aniqlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligiga va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga kredit axboroti taqdim etiladi hamda uning almashinuvi amalga oshiriladi.
Kredit axborotining ushbu modda birinchi qismida nazarda tutilmagan maqsadlarda taqdim etilishiga va almashinuviga yoʻl qoʻyilmaydi.
Kredit axborotini, kredit tarixini, kredit hisobotlarini, shuningdek boshqa axborotni kredit axborotidan foydalanuvchi boʻlmagan shaxslarga taqdim etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
