19-modda. Kredit axboroti subyektining kredit hisobotini kredit byurolariga taqdim etishga roziligi
Kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisida (O‘RQ-301-son) · Sana: 04.10.2011 · Amalda
Kredit byurosi kredit hisobotini kredit axborotidan foydalanuvchiga faqat kredit axboroti subyektining roziligi bilan taqdim etadi.
Kredit axboroti subyektining oʻzi haqidagi kredit hisobotini taqdim etishga roziligi qonunchilikka muvofiq yozma shaklda yoki elektron hujjat tarzida kredit axborotining sanasi, kredit axborotidan foydalanuvchi va kredit hisobotini taqdim etish maqsadi koʻrsatilgan holda rasmiylashtiriladi. Kredit hisoboti faqat kredit axboroti subyektining roziligida koʻrsatilgan kredit axborotidan foydalanuvchiga taqdim etiladi.
Kredit axboroti subyektining oʻzi haqidagi kredit hisobotini taqdim etishga roziligi bir oy mobaynida haqiqiydir. Agar kredit axboroti subyekti va kredit axborotidan foydalanuvchi oʻrtasida kredit bitimi tuzilsa, unda mazkur rozilik tegishli kredit bitimi amal qiladigan butun muddat mobaynida haqiqiydir.
Kredit axboroti subyektining oʻzi haqidagi kredit hisobotini taqdim etishga roziligi kredit axborotidan foydalanuvchida besh yil mobaynida saqlanishi kerak. Agar kredit axboroti subyekti va kredit axborotidan foydalanuvchi oʻrtasida kredit bitimi tuzilsa, unda kredit axboroti subyektining oʻzi haqidagi kredit hisobotini taqdim etishga roziligi kredit axborotidan foydalanuvchida kredit bitimi ijro etilgan sanadan keyin besh yil mobaynida saqlanishi lozim. Kredit axborotidan foydalanuvchi kredit byurosining talabiga koʻra mazkur rozilikni tanishish uchun uch ish kuni ichida taqdim etishi shart.
