18-modda. Kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisidagi shartnoma
Kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisida (O‘RQ-301-son) · Sana: 04.10.2011 · Amalda
Kredit byurosi kredit axborotini kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisidagi shartnoma asosida kredit axborotini yetkazib beruvchilardan oladi va kredit hisobotini kredit axborotidan foydalanuvchilarga taqdim etadi.
Kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisidagi shartnoma kredit byurosi tomonidan kredit axboroti subyekti yoki kredit axborotini yetkazib beruvchi yoxud kredit axborotidan foydalanuvchi bilan tuziladi.
Kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisidagi shartnomada quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
kredit axborotining turi, shakli, uni taqdim etish va yangilash tartibi;
taraflarning kredit axborotini ruxsat etilmagan holda unga kirishdan, yoʻq qilib yuborishdan, oʻzgartirishdan, undan foydalanishdan yoki uni oshkor etishdan himoya qilishni taʼminlashga doir huquq va majburiyatlari;
kredit axborotidagi notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlarni aniqlash va tuzatishda taraflarning hamkorligi tartibi.
Kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisidagi shartnomada qonunchilikka muvofiq boshqa shartlar ham boʻlishi mumkin.
