54-modda. Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarni qamoqdan ozod qilish tartibi
Jinoyat ishini yuritish chogʻida qamoqda saqlash toʻgʻrisida (O‘RQ-298-son) · Sana: 29.09.2011 · Amalda
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarni qamoqdan ozod qilish ushlab turilganni yoki qamoqqa olinganni qamoqdan ozod qilish toʻgʻrisida surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning qarori yoxud sudning qarori kelib tushgach, qamoqda saqlash joyining boshligʻi tomonidan darhol amalga oshiriladi.
Qamoqda saqlash joyining boshligʻi ushlab turish muddati tugashidan oʻn ikki soat oldin va qamoqda saqlash muddati tugashidan yetti sutka oldin bu haqda jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxsni yoki organni, shuningdek prokurorni yozma shaklda xabardor qilishi shart.
Agar ushlab turish yoki qamoqda saqlashning Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksida belgilangan muddatlari tugaganidan keyin ushlab turilganni yoki qamoqqa olinganni ozod qilish, ushlab turish muddatini uzaytirish, ushlab turilganga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash yoxud qamoqda saqlash muddatini uzaytirish toʻgʻrisida surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning qarori yoxud sudning qarori kelib tushmagan boʻlsa, qamoqda saqlash joylarida qonunlar ijrosi ustidan nazorat qiluvchi prokuror yoxud qamoqda saqlash joyining boshligʻi ushlab turilganni yoki qamoqqa olinganni oʻz qarori bilan darhol ozod qiladi. Qarorning koʻchirma nusxasi kechiktirmasdan jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxsga yoki organga, shuningdek prokurorga yuboriladi.
Qamoqdan ozod qilinayotgan ushlab turilganga yoki qamoqqa olinganga uning shaxsiy hujjatlari, ashyolari, shaxsiy hisobvaragʻida saqlanayotgan pullari, shuningdek qimmatli qogʻozlari va boshqa qimmatliklari, ushlab turilgan yoki qamoqqa olingan saqlangan muddat hamda uni ozod qilish asoslari koʻrsatilgan maʼlumotnoma beriladi.
Zarur boʻlgan taqdirda, qamoqda saqlash joyining maʼmuriyati qamoqdan ozod qilingan shaxsni yashash joyiga yetib olishi uchun yoʻl hujjatlari va belgilangan normalar boʻyicha oziq-ovqat mahsulotlari yoxud tegishli pul kompensatsiyasi, shuningdek jinsi hamda iqlim sharoitlarini inobatga olgan holda mavsumiy kiyim-bosh va poyabzal bilan taʼminlaydi.
