44-modda. Ushlab turilgan yoki qamoqqa olingan ovqat yeyishdan bosh tortgan taqdirda koʻriladigan choralar
Jinoyat ishini yuritish chogʻida qamoqda saqlash toʻgʻrisida (O‘RQ-298-son) · Sana: 29.09.2011 · Amalda
Ushlab turilgan yoki qamoqqa olingan ovqat yeyishdan bosh tortganligi fakti aniqlanganda qamoqda saqlash joyining boshligʻi yoxud uning oʻrnini bosuvchi shaxs jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxsni yoki organni, shuningdek prokurorni bu haqda xabardor qilishi shart.
Ovqat yeyishdan bosh tortayotgan ushlab turilgan yoki qamoqqa olingan imkoni boricha boshqa ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlardan alohida saqlanadi hamda tibbiy xodimning kuzatuvi ostida boʻladi.
Ovqat yeyishdan bosh tortayotgan ushlab turilganning yoki qamoqqa olinganning sogʻligʻini saqlab turishga qaratilgan majburiy tusdagi choralar (sunʼiy va majburiy ovqatlantirish), agar uning hayoti yoxud sogʻligʻiga xavf tugʻilsa, shifokorning yozma xulosasi asosida hamda tibbiy xodim ishtirokida amalga oshiriladi.
Ushlab turilganning yoki qamoqqa olinganning ovqat yeyishdan bosh tortishi uning boshqa qamoqda saqlash joylariga oʻtkazilishiga yoxud tergov harakatlari va sud majlislarida ishtirok etish uchun qoʻriqlab borilishiga toʻsqinlik qilmaydi. Zarurat boʻlganda, ushlab turilganni yoki qamoqqa olinganni boshqa yerga koʻchirish yoki qoʻriqlab borish tibbiy xodim kuzatuvida amalga oshiriladi.
Ushlab turilganlar yoki qamoqqa olinganlar ovqat yeyishni rad etganda qoʻllaniladigan majburiy tusdagi choralarni qoʻllash tartibi tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati yoki Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
