42-modda. Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarni qoʻriqlash hamda nazorat qilish
Jinoyat ishini yuritish chogʻida qamoqda saqlash toʻgʻrisida (O‘RQ-298-son) · Sana: 29.09.2011 · Amalda
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar qamoqda saqlash joylarida qoʻriqlanadi hamda nazorat ostida boʻladi va mazkur joylar hududida sogʻchi nazorati ostida yoki qamoqda saqlash joylari xodimlarining kuzatuvida yuradi.
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar shaxsiy tintuv qilinadi, ularning barmoq izlari hamda fotosurati olinadi. Ular joylashtirilgan xonalar tintuv qilinadi, ularning yonidagi ashyolari hamda nomiga kelgan posilkalar, yoʻqlovlar va banderollar esa koʻzdan kechiriladi.
Qamoqqa olinganlardan olib qoʻyilgan pullar ularning shaxsiy hisobvaragʻiga oʻtkaziladi, qimmatli qogʻozlar va boshqa qimmatliklar esa saqlash uchun topshiriladi. Ushlab turilganlardan olib qoʻyilgan pullar qimmatli qogʻozlar va boshqa qimmatliklar bilan birga saqlash uchun topshiriladi. Ushlab turilgan yoki qamoqqa olingan qamoqda saqlash joyiga kelganida yashirgan, shuningdek u qamoqda saqlash joyida boʻlgan davrida undan topib olingan pullar, qimmatli qogʻozlar va boshqa qimmatliklar qamoqda saqlash joyi boshligʻining prokuror bilan kelishilgan asoslantirilgan qaroriga koʻra davlat daromadiga oʻtkaziladi.
Taqiqlangan oziq-ovqat mahsulotlari, narsalar va moddalar saqlash uchun topshiriladi yoki tegishli muassasalarga beriladi yoxud qamoqda saqlash joyi boshligʻining asoslantirilgan qaroriga koʻra yoʻq qilib tashlanib, bu haqda tegishli dalolatnoma tuziladi.
Sanitariya ishlovidan oʻtkazish chogʻida ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarni nazorat qilish hamda shaxsiy tintuv qilish qamoqda saqlash joyining ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar bilan bir jinsda boʻlgan xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
Shaxslarni taqiqlangan oziq-ovqat mahsulotlari, narsalar va moddalarni olib oʻtishga urinishda gumon qilish uchun yetarli asoslar boʻlsa, qamoqda saqlash joylarining xodimlari bunday joylar hududiga kirish va chiqish joyida shaxslarning ashyolari, kiyim-boshlari hamda poyabzallarini, shuningdek kirib kelayotgan hamda chiqib ketayotgan transport vositalarini koʻzdan kechirishdan oʻtkazishga, taqiqlangan oziq-ovqat mahsulotlari, narsalar va moddalarni olib qoʻyishga haqlidir.
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarga nisbatan jinoyat ishlarini yuritayotgan shaxslarning, advokatlarning, shuningdek qamoqda saqlash joylarini nazorat qiluvchi va tekshiruvchi mansabdor shaxslarning ashyolari, kiyim-boshlari va poyabzallari koʻzdan kechirilmaydi. Mazkur shaxslar kelganda, oʻqotar qurol hamda boshqa taqiqlangan vositalar va narsalarni qamoqda saqlash joyining navbatchilik qismiga topshirishi shart.
