40-modda. Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarning ajratib qoʻyilishini taʼminlash talablari
Jinoyat ishini yuritish chogʻida qamoqda saqlash toʻgʻrisida (O‘RQ-298-son) · Sana: 29.09.2011 · Amalda
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar ushbu Qonunning 41-moddasida nazarda tutilgan alohida-alohida joylashtirish talablariga muvofiq umumiy kameralarda saqlanadi.
Agar qamoqqa olinganlar Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 15-moddasining toʻrtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir etishda ayblanayotgan boʻlsa, prokurorning qaroriga yoki sudning ajrimiga koʻra tergov hibsxonasining bir kishilik kamerasida qamoqda saqlab turilishi mumkin. Bu chora voyaga yetmaganlarga, oltmish yoshdan oshgan shaxslarga, shifokorning yozma xulosasi bilan tasdiqlangan ogʻir kasallarga va ruhiy holati buzilgan shaxslarga nisbatan qoʻllanilmaydi.
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarni bir kishilik kameralarga joylashtirishga qamoqda saqlash joyi boshligʻining prokuror bilan kelishilgan asoslantirilgan qaroriga koʻra:
ushbu Qonunning 41-moddasida nazarda tutilgan alohida-alohida joylashtirish talablariga rioya etilishini taʼminlashning boshqa imkoniyati mavjud boʻlmaganda;
ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarning shaxsiy xavfsizligini taʼminlash manfaatlarini koʻzlab;
ushlab turilganning yoki qamoqqa olinganning yakka saqlash toʻgʻrisidagi yozma arizasiga binoan;
ushlab turilganni yoki qamoqqa olinganni, agar kunduzi umumiy kamerada saqlanayotgan boʻlsa, tungi vaqtda bir kishilik kameraga joylashtirish zarur boʻlganda;
ushlab turilganlarning yoki qamoqqa olinganlarning ajratib qoʻyilishini taʼminlash talab qilingan boshqa hollarda ham yoʻl qoʻyiladi.
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarning qamoqda saqlash joylarining boshqa kameralarida yoki oʻzga xonalarida saqlanayotgan ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar bilan soʻzlashishiga, ularga biron-bir narsa berishiga hamda ular bilan yozishmalar olib borilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ajratib qoʻyishni taʼminlashga doir talablarga ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarni qamoqda saqlash joylari hududidan tashqariga koʻchirishda ham rioya etilishi kerak.
