33-modda. Hujjatlarning koʻchirma nusxalarini topshirishni, shuningdek ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarning tergov harakatlari hamda sud majlislarida ishtirok etishini taʼminlash
Jinoyat ishini yuritish chogʻida qamoqda saqlash toʻgʻrisida (O‘RQ-298-son) · Sana: 29.09.2011 · Amalda
Qamoqda saqlash joyining maʼmuriyati qamoqqa olinganlarga ayblov xulosalarining va ayblov dalolatnomalarining, sud hukmlari, ajrimlarining koʻchirma nusxalarini ular kelib tushgan kunda tilxat olinib topshirilishini taʼminlaydi, tilxat koʻchirma nusxa topshirilgan sana va vaqt koʻrsatilgan holda sudga taqdim etiladi.
Qamoqda saqlash joyining maʼmuriyati surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudning yozma koʻrsatmasi boʻyicha quyidagilarni taʼminlaydi:
ushlab turilganlar, qamoqqa olinganlarni qamoqda saqlash joylariga qabul qilish va joylashtirish, shuningdek ularni belgilangan joyga joʻnatish uchun soqchiga topshirishni;
qamoqda saqlash joyi hududida tergov va sud harakatlarini, ambulatoriya sud-psixiatriya ekspertizasini hamda boshqa ekspertizalarni oʻtkazish uchun jihozlangan xonalar berilishini.
Qamoqda saqlash joyining maʼmuriyati ushlab turilganlarni yoki qamoqqa olinganlarni boshqa tumanda (shaharda) joylashgan tergov hibsxonalariga oʻtkazishni ushlab turilganlarni yoki qamoqqa olinganlarni boshqa yerga koʻchirish toʻgʻrisidagi tergovchining prokuror bilan kelishilgan qarori, shuningdek prokurorning qarori yoxud sudning ajrimi asosida amalga oshiradi.
