12-modda. Oziq-ovqatlarni qadoqlash, oʻrash va tamgʻalash
Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi toʻgʻrisida (483-I-son) · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Oziq-ovqatlar ishlab chiqaruvchi yuridik va jismoniy shaxslar ularni qadoqlangan, oʻralgan (barcha muomala bosqichlarida sifati va oziqlik qimmati saqlanib qolishini taʼminlaydigan) va qonunchilikka muvofiq tamgʻalangan holda chiqarishlari shart.
Qadoqlangan va oʻralgan oziq-ovqatlar, ovqatga qoʻshiladigan biologik faol qoʻshimchalar, oziq-ovqat qoʻshimchalari yorliqlarga (suqma varaqalarga) ega boʻlishi, ularda quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
oziq-ovqatning nomi;
oziq-ovqatni nimaga moʻljallanganligi (bolalarga maxsus moʻljallangan mahsulotlar va parhez taomlar uchun);
tayyorlovchining nomi;
tovar belgisi (belgiga ega tashkilotlar uchun);
oziq-ovqat tarkibiga kirgan narsalar, shu jumladan oziq-ovqat qoʻshimchalarining nomi;
oziqlik qimmati, navi;
saqlash shart-sharoitlari;
tayyorlangan sanasi, yaroqlilik muddati;
tayyorlash usuli (masalliqlar hamda maxsus bolalarbop va parhez oziq-ovqat mahsulotlari uchun);
ogʻirligi;
foydalanish usuli (biologik faol qoʻshimchalar: oziq-ovqat qoʻshimchalari, maxsus bolalarbop va parhez oziq-ovqat mahsulotlari uchun);
muvofiqlik belgisi (mahsulotini muvofiqlik belgisi bilan tamgʻalash huquqini beradigan litsenziyasi bor korxonalar uchun);
normativ yoki texnikaviy hujjatlarning nomerlari.
