66-modda. Sud topshirigʻini bajarish tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Sud topshirigʻini bajarish sud majlisida ushbu Kodeksda belgilangan qoidalarga binoan amalga oshiriladi. Ishda ishtirok etayotgan shaxslarga majlis vaqti va joyi toʻgʻrisida maʼlum qilinadi, biroq ularning kelmasligi topshiriqni bajarishga toʻsqinlik qilmaydi.
Sud topshirigʻi tartibida taraflar va uchinchi shaxslar yoxud ular qonuniy vakillarining tushuntirishlari, guvohlarning koʻrsatuvlari, yozma va ashyoviy dalillarni koʻzdan kechirish hamda tekshirish orqali aniqlanadigan faktik maʼlumotlar toʻplanishi mumkin.
Bayonnomalar va topshiriqni bajarish vaqtida toʻplangan materiallar ishni koʻrib chiqayotgan sudga darhol yuboriladi.
Agar topshiriqni bajarayotgan sudga tushuntirishlar yoxud koʻrsatuvlar bergan ishda ishtirok etuvchi shaxslar yoki guvohlar ishni koʻrayotgan sudga kelsalar, ular umumiy tartibda tushuntirishlar yoki koʻrsatuvlar beradilar.
