30-modda. Rad qilish toʻgʻrisidagi arizani qanoatlantirish oqibatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Sudya rad qilingan taqdirda ish fuqarolik ishlari boʻyicha shu tumanlararo, tuman (shahar) sudida, lekin boshqa sudya tomonidan koʻriladi yoki ish koʻrish uchun fuqarolik ishlari boʻyicha boshqa tumanlararo, tuman (shahar) sudiga oʻtkaziladi.
Ish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi fuqarolik ishlari boʻyicha Oliy sudida, fuqarolik ishlari boʻyicha viloyatlar va Toshkent shahar sudida koʻrilayotganida sudya yoki sudning butun tarkibi rad qilingan taqdirda ish shu sudning oʻzida, lekin boshqa sud tarkibida koʻriladi.
Agar Qoraqalpogʻiston Respublikasi fuqarolik ishlari boʻyicha Oliy sudida, fuqarolik ishlari boʻyicha viloyat sudida yoki fuqarolik ishlari boʻyicha Toshkent shahar sudida ushbu Kodeksning 27-moddasida koʻrsatilgan sabablarga koʻra rad qilish qanoatlantirilganidan keyin shu ishni koʻrish uchun sudning yangi tarkibini tashkil qilishga imkon boʻlmasa, ish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga oʻtkazilishi lozim. Bunday hollarda ish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan koʻriladi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining farmoyishiga binoan koʻrish uchun boshqa tegishli sudga yuboriladi.
