29-modda. Rad qilish toʻgʻrisidagi arizani hal qilish tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Rad qilish toʻgʻrisida arz qilingan taqdirda, sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarning fikrini, agar rad qilinishi talab qilinayotgan shaxs tushuntirish berishni xohlasa, uning soʻzlarini ham eshitishi kerak.
Sudyani rad qilish masalasi rad qilinishi talab qilingan sudyaning ishtirokisiz, qolgan sudyalar tomonidan hal qilinadi. Rad qilishni yoqlab va unga qarshi berilgan ovozlar soni teng boʻlib qolsa, sudya rad qilingan hisoblanadi.
Ikki sudyani yoki sudning butun tarkibini rad qilish talab qilinganida rad qilish masalasi shu sudning toʻliq tarkibida oddiy koʻpchilik ovoz bilan hal qilinadi.
Ishni yakka tartibda koʻradigan sudyani rad qilish masalasi sud raisi tomonidan, sud tarkibi bir kishidan iborat boʻlsa, shu sudya tomonidan hal etiladi.
Prokuror, ekspert, mutaxassis, tarjimon va sud majlisining kotibini rad qilish masalasini ishni koʻrib chiqayotgan sud hal qiladi.
Rad qilish masalasini hal qilish uchun sudya (sud) alohida xonaga (maslahatxonaga) chiqadi va rad qilish talabini qabul qilish yoki qabul qilmaslik toʻgʻrisida ajrim chiqaradi.
